Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:51

Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan geylar faolini militsiya qidirmoqda


Shohruh Salimov
Shohruh Salimov

Jinsiy ozchilik vakillari huquqlarini himoya qilishni so‘rab prezident Mirziyoyevga videomurojaat qilgan Shohruh Salimovni ichki ishlar tizimi ta’qib qilmoqda.

Hozirda Turkiyada yashayotgan Salimovning Ozodlikka aytishicha, murojaati e’lon qilingach, IIB xodimlari O‘zbekistondagi uyiga kelib, yaqinlariga uning “qamash uchun qidirilayotganini” bildirgan.

Shohruh Salimov 18 avgust kuni Ozodlik orqali prezident Mirziyoyevga qilgan murojaatida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 120-moddasi - “Besoqolbozlik”ni bekor qilishni so‘ragan edi.

Shohruh Salimovning 20 avgust kuni Ozodlikka aytishicha, bu murojaatidan so‘ng O‘zbekistondagi uyiga IIB xodimlari kelib, yaqinlariga uning qidiruvda ekanini ma’lum qilgan.

- Militsiyalar kelgan ekan. Kelganining sababi, “Qamaymiz” degan ekan meni, bu qilgan murojaatimdan keyin. Bizda bir kishini ayblash uchun aynan bo‘ynida aybi bo‘lishi shart emas. Masalan, siz prezidentga qarshi, davlatga qarshi biror bir muxolif fikrda bo‘lsangiz ham kelishadi uyingizga. Men esa, 120-moddaga qarshiman. 120-moddaning o‘zgartirilishini, LGBTlarni qonun bilan himoyalanishini talab qildim. Bu yoqmasligi tabiiy ularga. Uyimga bekorga kelishmagan. Bizda bosh ko‘targanning boshi kesiladi, dedi Shohruh Salimov.

Shohruh Salimov, O‘zbekistondagi yaqinlari “Besoqolbozlik” borasidagi o‘z qarashlarini qo‘llamasligi va "shu bois oila – a’zolari bilan aloqa yo‘q”ligini alohida ta’kidladi.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri Shohruh Salimovning O‘zbekistondagi oilasi ahvolidan yaxshi xabardor shaxslardan biri bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, Shohruhning prezidentga murojaatidan so‘ng, uning yaqinlari mahalla-ko‘yning kuchli bosimi ostida qolgan. “Militsiya xodimlarining kelishi ularni yanayam ruhiy bosimga qo‘ydi”, deydi Salimovlar oilasiga yaqin shaxs.

Ozodlik Salimovlar oilasi yashaydigan hududdagi uchastka noziri bilan bog‘lanib, Shohruh Salimovning qidirilayotgani sabablarini so‘radi. Biroq uchastka noziri savollarni eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik muxbiri ayni savol bilan Shohruh Salimovning O‘zbekistondagi yaqinlari yashayotgan hududdagi Ichki ishlar bo‘limiga bog‘landi. IIB xodimi Shohruh Salimovga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ochilmaganini ta’kidladi. Biroq u Salimov uyiga IIB xodimlari borishi sababini izohlamadi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida "besoqolbozlik" sifatida tasniflangan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sanaladi va gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasining jinsiy ozchilik huquqlari bo‘yicha 2017 yilda e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston gomoseksualizm jinoyat darajasiga ko‘tarilgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet hududida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.

O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov o‘z chiqishlaridan birida “gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch” degan edi.

2018 yilning may oyida O‘zbekiston BMTning LGBT huquqlari bo‘yicha 11 ta tavsiyasini qabul qilmagan edi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov¸ bu haqda bergan izohida¸ rad etilgan tavsiyalarning O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 120-moddasiga (Besoqolbozlik) zid ekanini sabab qilib keltirgan edi.

Shavkat Mirziyoyevning hozircha bu masalada fikr bildirgani jamoatchilikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG