Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:56

Ahmadboyning andijonlik izdoshi Go‘yoxon 6,5 yilga qamaldi


Farg‘onada ichki ishlar xodimini o‘ldirgan shaxs 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Andijonda chinozlik Ahmadboy kabi moliyaviy piramida qurgan ayol mahkamaga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Toshkentlik keksa ayol maklerlarning yolg‘on va’dasiga ishonib ko‘chada qoldi

Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan Lyudmila Manjarova firibgar maklerlarning qurboniga aylandi (“Jamiyat”, 8 iyun).

Firibgarlar guruhi yolg‘on va’dalar bilan yolg‘iz o‘zi yashagan ayolning uyini o‘zlashtirgan.

“Maklerlar tuzog‘iga ilintirgach, uyimga serqatnov bo‘lib qolishdi. Ro‘zg‘orimga zarur barcha narsalarni ortig‘i bilan olib kelib berishardi. Hatto bozorga olib chiqib shohona kiyintirib ham qo‘yishdi. Ikki mashina xizmatimda. Men umrim bino bo‘lib bunday hurmat-e’tibor, mulozamatni ko‘rgan emasman” deydi Lyudmila Manjarova.

Shu tariqa firibgarlar keksa ayolni Toshkentdagi uyini sotishga ko‘ndirishgan. Buning evaziga unga juda katta pul va Ohangarondan uy va’da qilingan. Ammo qariyaning uyini sotib, pulini o‘zlashtirgan firibgarlar shu bilan qorasini ko‘rsatmagan.

Qayd etilishicha, ko‘p vaqtdan beri ko‘chada yashab yurgan 63 yoshli L.Manjarova muruvvat uyiga joylashtirilgan.

Ahmadboyning andijonlik izdoshi 100 dan oshiq vatandoshni chuv tushirdi

1969 yilda Andijonning Qo‘rg‘ontepasida tug‘ilgan Go‘yoxon Umaralieva chinozlik Ahmadboy kabi moliyaviy piramida qurishda ayblanib mahkamaga tortildi.

“Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, Go‘yoxon 2014 yilda “Gold Star Capital Lombard” firmasini tashkil qilib, yillik 36-72 foiz ustama to‘lash va’dasi bilan odamlardan omonatlarni qabul qila boshlagan.

Boshida pul topshirganlarga foiz berib turilgan, ammo keyinroq omonatchilar foyda tugul o‘z pulini ham ololmagan.’

G.Umaralieva boshchiligidagi jinoiy guruh bir necha yil davomida 100 dan oshiq kishining millionlab miqdordagi pullarini o‘zlashtirgan.

Sud hukmiga ko‘ra, moliyaviy nayranglarda ayblangan ayol 6,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Firma hisobidagi va G.Umaralieva nomidagi mulk hisobidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash ko‘zda tutilgan.

Ichki ishlar xodimini o‘ldirgan shaxs 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi shaxs ichki ishlar xodimining o‘limida ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar beradi.

Jinoyat Katput qishlog‘ida ro‘y bergan. Ismi oshkor etilmagan shaxs ekinlarni sug‘orish masalasida qo‘shni ayol bilan gap talashib, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Ayol esa ichki ishlar profilaktika inspektoriga shikoyat qilgan.

Qayta-qayta chaqiriqlarga qaramay, zo‘ravonlikda gumonlanayotgan shaxs militsiya tayanch punktiga bormagan. Shundan keyin profilaktika inspektori gumonlanuvchining uyiga kelgan. O‘sha paytda gumonlanuvchi ichki ishlar xodimini chavaqlagan.

Xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda vafot etgan xodimga “Mardlik” ordeni berilgani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG