Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakatni tark etdi. Bu haqda Asadning sodiq ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya ma’lum qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Asadning hozirda qayerda ekanini aytmagan, ammo uning ketishi bilan bog‘liq muzokaralarda qatnashmaganini bildirgan.
Suriyada isyonchilar 8-dekabr kuni erta tongda poytaxt Damashqni o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan xabarda Damashq «Endi Asaddan ozod bo‘ldi», deyilgan.
Prezident Bashar Asadning qayerda ekani hozircha noma’lum. Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari monitoringi Asad Damashq egallangani haqidagi xabarlar ortidan Suriyadan uchib ketganini ma’lum qilgan.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy videomurojaat orqali chiqish qilib, hukumat «xalq tanlagan har qanday rahbariyat bilan hamkorlik qilishga tayyor»ligini bildirdi.
“Suriya barcha suriyaliklarniki. Bu davlat hech qanday mintaqaviy ittifoq va bloklarga kirmasdan qo‘shnilari va dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatadigan normal davlat bo‘la olishiga ishonamiz", dedi al- Jaloliy. U hozirda uyida ekani va ketmasligini qo‘shimcha qilgan.
«Hay’at Tahrir ash-Shom» isyonchi guruhi yetakchisi Abu Muhammad al-Javloniy 7-dekabr kuni kechasi qo‘zg‘olonchilar 775 ming aholiga ega Xoms shahri «ozod qilishning so‘nggi bosqichida» ekanini ma’lum qilgan.
HTSH AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqining terrorchi tashkilotlar qora ro‘yxatiga kiritilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Asad rejimining qulashi Tehron bilan birga uzoq yillardan beri Suriya hukumatini qo‘llab kelayotgan Kreml uchun ham katta geosiyosiy to‘siq bo‘ladi.
AQSHda joylashgan Urushni o‘rganish instituti “Asad rejimi qulagani, uning tarafdorlari Suriya armiyasiga harbiy yordam berishga tayyor emas»ligi haqida yozmoqda.
Rossiya Suriyada bir nechta harbiy bazalarga ega. Xmeymimdagi havo bazasi va Tartusdagi strategik dengiz obyektlari shu paytgacha Kremlning Suriya va Afrikadagi harbiy ishtiroki uchun foydalanib kelingan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya harbiy bazalarining taqdiri haqida izoh berishdan bosh tortib, “taxmin qilish uning ishi" emasligini aytdi.
ISWga ko‘ra, Moskva hali bazalarini evakuatsiya qilishni boshlamagan, biroq isyonchilar shiddat bilan ildamlar ekan, Rossiya o‘z kemalarini portda yana qancha ushlab turishi noma’lumligicha qolmoqda".
AQSH Davlat departamenti Vashington Suriyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi.
Departament vakilining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va uning va ittifoqchilari tinch aholi, jumladan, ozchilik guruhlarni himoya qilishga chaqirgan.
Isyonchilar Damashqni qo‘lga kiritishidan oldin poytaxtda vahima ko‘tarilgan, zaruriy ta’minot yetishmovchiligi kuzatilgan.
HTSH boshchiligidagi isyonchi guruhlar o‘tgan hafta kutilmaganda hujum boshlab birin-ketin Suriyadagi yirik shaharlarni katta qarshiliklarsiz egallab oldi.
HTSH tarkibida jangarilardan tashqari "Suriya milliy armiyasi" deb ataladigan Turkiya dastagidagi guruh ham bor.
Turkiya isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashini rad etmoqda. Biroq ekspertlar fikricha, qo‘zg‘olon Turkiya roziligi bilan boshlangan.
BMT 6-dekabr kuni e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, noyabr oxiridan beri Suriyada deyarli 300 000 kishi jangovar harakatlar tufayli uy-joyini tashlab chiqib ketgan. Isyonchilarning ildamlashi davom etsa, yana 1,5 millionga yaqin odam mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishi mumkin.
2011-yilgi fuqarolar urushidan beri Asad Eron va Rossiya yordamiga tayanib kelayotgan edi.
HTSH o‘tgan hafta Halab ustidan nazoratni qo‘lga kiritganidan keyin birin-ketin Suriyaning boshqa yirik shaharlarni egallashga kirishdi.