Kelasi yildan O‘zbekistonda ayollarning bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini diagnostika va muolaja qildirish imkoniyatlarini tubdan oshirishi kerak bo‘lgan dastur ishga tushadi. Ushbu kasalliklar mamlakatda ayollar o‘limining asosiy sabablari bo‘lib, ularni davolash katta mablag‘ talab qiladi.
Toshkentlik Diana onkologik xastalikka chalinganini bahorda bilgan edi. U Ozodlikka qanday davolangani va agar yangi dastur risoladagidek ishlasa, minglab odamlarning hayotini o‘zgartirishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.
“Bu uzun yo‘lning boshi ekani xayolimga ham kelmagan”
Toshkentda yashovchi 30 yoshli Diana shu yilning 3-may kuni shahar onkologiya shifoxonasiga maslahat olish uchun boradi.
“Shifokor ayol qo‘li bilan paypaslab, bezni ko‘rsatdi. O‘shanda bu uzun yo‘lning boshi bo‘ladi, deb sira ham o‘ylamagandim”, eslaydi Diana.
Ayol qo‘shimcha tekshiruvga yo‘llanadi. Birinchi kunning o‘zidayoq u shifoxonaga qariyb 6 million so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 500 dollar) to‘laydi.
“Hamma narsaga pul to‘ladim: tahlillarga, protseduralarga, hatto natijalarni tezroq berishlari uchun ham. Hech narsa tekin bo‘lgani yo‘q”, deydi ayol.
Dianaga “sut bezi saratoni” deb tashxis qo‘yishadi. Endi uning oldida yangi murakkab savol turardi: chet elda davolansinmi yoki O‘zbekistonda? Diana qay birini tanlamasin, uni nafaqat og‘ir muolaja tadbirlari, balki ulkan sarf-xarajatlar ham kutayotganini o‘sha paytdayoq juda yaxshi tushunganini aytadi.
“Qarindoshlar Turkiya yoki Isroilga borishni maslahat berishdi. Lekin men bolalarim uchun shu yerda qolishga qaror qildim. Ular juda yosh, tashlab ketgani ko‘zim qiymadi. Agar kunim bitgan bo‘lsa, qolgan umrimni bolajonlarim, onam, barcha yaqinlarim yonida o‘tkazay dedim”, hikoyasida davom etadi suhbatdoshimiz.
U Toshkentda bir xususiy klinikani topib, jonini mahalliy shifokorlarga ishonib topshirishga qaror beradi.
Aynan nodavlat tibbiy muassasani tanlashining o‘z sababi bor.
“Ochiq-oydin gaplashishlari men uchun o‘ta muhim edi. Sukut saqlashlarini, ma’lumotni yashirib, izoh bermasdan qayerlargadir jo‘natishlarini istamasdim. Afsuski, shahar onkologiyasida men sovuqqonlik va loqaydlikka duch keldim”, deydi Diana.
Davolash xarajatlari geometrik progressiyada ko‘payib boradi. Metastazlar bor yoki yo‘qligini aniqlash imkonini beradigan pozitron-emission tomografiya (PET)ning o‘zi 7 million so‘m (taxminan 550 dollar)ga tushadi.
U har kuni sut bezlari, bachadon, tuxumdonlar va jigar ultratovushli tekshiruvidan o‘tishi zarur edi. Har bir tekshiruvga 580 ming (45 dollar)dan ketadi.
Diana har gal 1400 dan 2800 dollargacha pul to‘lab, yetti marta kimyo-terapiya qildiradi. Natijada shish kichrayadi, ammo kimyoning nojo‘ya ta’siri – buyrak yetishmovchiligi paydo bo‘ladi. Bu alohida muolaja va yangi xarajatlar talab qilardi.
“Odamlar davolanish uchun uylarini, mashinalarini sotishyapti”
O‘zbekistonda Dianaga o‘xshagan minglab ayollar bor. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda 4164 ayol – ko‘krak bezi saratoni va 1851 ayol bachadon bo‘yni invaziv saratoni bilan ilk marta kasallangani qayd etilgan. Ushbu xastaliklar O‘zbekiston ayollarining o‘limi sabablari ro‘yxatida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Tibbiy xizmatlar va dori-darmon narxlari kasallik bilan kurashayotganlar uchun ko‘pincha hayot-mamot masalasiga aylanadi.
Diana xususiy klinikalardan arzon bo‘lgani sababli shahar onkologiya shifoxonasida davolangan 32 yoshli ayolni esga oladi. Suhbatdoshimiz aytishicha, hatto davlat muassasida davolanishga ham ayolning qurbi yetmabdi.
“Pulni qayerdan olaman, deb juda qayg‘urardi sho‘rlik. Bitta kimyo-terapiyadan ikkinchisiga qadar doim pul qidirar, qarz olardi. Kasallik ustiga bu g‘am qo‘shilib, ahvoli og‘irlashdi va oxirida yuragi dosh bermadi”, deydi Diana.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ismi ochiqlanishini istamagan tashxischi shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi R.K. onkologik xastaliklardan davolanish bahosi nihoyatda qimmatligini tasdiqladi.
“Ayniqsa kimyo-terapiya juda qimmat. Odamlar puli yetmay kvartiralarini, mashinalarini sotishga majbur bo‘lishadi”, deydi u.
Ayni manzarada O‘zbekistonda kelgusi yildan keng ko‘lamli dasturni ishga tushirish rejalanmoqdaki, dastur doirasida ayollarni onkologik kasalliklarga bepul tekshiruvdan o‘tkazish va xastalik aniqlangan taqdirda bepul davolash ko‘zda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev noyabr oyi oxirida imzolagan hujjatga ko‘ra, 30 dan 50 yoshgacha bo‘lgan ayollar bachadon bo‘yni saratonini aniqlash uchun bepul skrining qilinadi. Testlarda kasallik aniqlanmagan ayollarni 10 yildan so‘ng qaytadan tekshirish rejalanmoqda. Musbat natija qayd etilganida esa qo‘shimcha tekshiruv tayinlanishi belgilangan.
Hujjatga binoan, saraton oldi holati aniqlangan ayollar ambulator sharoitda davolanish uchun “Ona va bola salomatligi” Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallariga yo‘llanadi.
Qarorda 30 dan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollarni har ikki yilda bir marta sut bezlari tekshiruvidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Bunda 45 yoshdan kichik ayollar UTT yordamida tekshirilsa, 45 dan oshgan ayollar mammografiya tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Ushbu dastur tashabbuskorlaridan biri, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish guruhi (Delivery Unit) ofisi rahbari Aziza Umarova aytishicha, loyihani ishlab chiqishga bir yil ketgan. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “olib borilgan ishlar natijasida O‘zbekiston odam papillomasi virusini aniqlash testlari mamlakat miqyosidagi skrining metodi sifatida tanlangan birinchi postsovet respublika bo‘ldi”, deb yozdi.
Londonda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik siyosatshunos Alisher Ilhomov ham mazkur qarorni “garchi birmuncha kechikkan” bo‘lsa-da, mamnuniyat bilan qabul qildi.
“Umumiyat-la ushbu hujjatga ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini yaxshilash yo‘lida qo‘yilgan qadam deb qarash kerak”, ta’kidlaydi ekspert. U hukumat tibbiyot preparatlarining narxlarini shakllantirish jarayoniga ham e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi, chunki narx-navokam ta’minlangan oilalarning qurbi yetadigan darajada bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
Ismi ochiqlanishini istamagan shifokor R.K. yangi dasturni “qora osmonda charaqlagan quyosh” deb ataydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat ayollarni zarur tibbiy xizmat bilan ta’minlashda katta qadam bo‘lishi mumkin.
Eng asosiysi, byudjetda ushbu olamshumul rejalarga yetarli pul bo‘lsin, qo‘shimcha qiladi u.
“Davlat buni qanday eplaydi, preparatlar qanchalik arzon bo‘ladi, buni bilmayman. Lekin, agar bu reja amalga oshirilsa, biz ayollarning onkologik kasalliklarini davolashda hammadan ilg‘or davlatga aylanamiz”, deydi suhbatdoshimiz.
Moliyaviy masalalarga kelsak, qarorda “diagnostika hamda skrining natijasida aniqlangan onkologik bemorlarni davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat byudjeti hisobidan moliyalanadi”, deyilgan.
Qo‘shimcha sarf-xarajatlar paydo bo‘lgan taqdirda esa Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi “moliyalash manbalarini aniqlashtirish uchun” hukumatga “asoslantirilgan takliflar” kiritishi kerak. Bundan tashqari, xalqaro donor tashkilotlar mablag‘larini jalb qilish taklif qilingan.