Yevropa Ittifoqi tomonidan embargo joriy qilinganiga qaramay, Rossiya qo‘shni mamlakatlar orqali g‘arb shirkatlari tomonidan ishlab chiqilgan minglab merganlik miltig‘i va millionlab patronlarni olishda davom etyapti. Bu haqda The Insider nashrining Investigace.cz (Chexiya), IrpiMedia (Italiya) va Vlast.kz (Qozog‘iston) nashrlari bilan hamkorlikda olib borgan surishtiruvida aytilgan.
Jurnalistlar so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi, AQSH va Turkiya shirkatlari Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga qurol-aslaha yetkazib berishni ko‘paytirganini aniqlashgan. Bu mamlakatlarga har yili o‘nlab ming dona qurol olib kiriladi.
“Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport uch yil ichida ikki yarim baravarga (2020-yilda - 19 ming 556 ta, 2023-yilda esa 53 ming 211 ta) oshgan”, deyilgan maqolada.
Surishtiruvni yuritgan jurnalistlar Italiyadan Armanistonga miltiqlar eksporti to‘rt yil ichida qariy 30 baravar — 2019-yilda 68 ta miltiqdan 2023-yilda 1862 tagacha oshganini qayd etishgan. Qirg‘iziston 2020 va 2021-yillarda Italiyadan qurol sotib olgan emas, 2022-yilda 882 ta, 2023-yilda esa 4434 ta o‘qotar qurol sotib olgan. Turkiyadan Gruziyaga qurol-aslaha eksporti 2019-yilda 8 ming 426 tadan 2023-yilda 18 ming 843 tagacha oshgan.
Yevropa qit’asida Rossiya bilan bog‘langan eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi korxona Lyuksemburgdagi Beretta xoldingi bo‘lgan. 2024-yil iyunida Beretta shirkatining rossiyalik importyori AQSH Moliya vazirligi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan. Ayni paytda Beretta xoldingi, sanksiyalarga qaramasdan, Rossiya shirkatining majoritar mulk egasi bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, The Insider rossiyalik merganlar (oddiy fuqarolar ham, harbiylar ham) Rossiya qurollari o‘rniga g‘arb miltiqlari va o‘q-dorisini ishlatishda davom etishayotganini qayd etgan. Buni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimdagi Angarskiy poligonida 2023-yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan merganlar musobaqasi bayonnomalari ham tasdiqlaydi.