Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:31

Hind shirkati dorilaridan jabrlanganlar soni rasman ortdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Hindistonning Marion Biotech korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarining nojo‘ya ta’siri oqibatida nogiron bo‘lib qolgan o‘zbekistonlik bolalar soni rasman ortdi.

“Dok-1 Maks” ishi doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi Dilshod Komilov tomonidan 2024-yil 18-noyabrida e’lon qilingan hukmdan jamoatchilik endi xabar topmoqda.

Gazeta.uz nashri yozishicha, sud 2020-yil 14-oktyabrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan Shahram Abatbayev, 2016-yil 22-avgustida Jizzax viloyatida tug‘ilgan Muslima Ziyoboyeva, 2018 yil 30-sentyabrida Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Mansur Kemamov “Dok-1 Maks” dorisidan, 2020-yil 21-noyabrida Xorazm viloyatida tug‘ilgan Sarvarbek Jumanazarov, 2022-yil 15-yanvarida Xorazm viloyatida tug‘ilgan Muhammadali Oybekov “Ambronol” dorisidan hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olgan, degan xulosaga kelgan.

“Dok-1 Maks” O‘zbekiston farmatsevtikasi tarixidagi eng mojaroli ishlardan biri sanaladi.

Mamlakatda 2022-yilning sentyabr – dekabr oylarida Marion Biotech korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan dorilardan bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatilgan edi. Mazkur holat yuzasidan yarim yildan ortiq vaqt davom etgan sud jarayonida dorilar ta’sirida rasman 68 nafar bola vafot etgani, 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani ma’lum qilingandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi hukmi bilan dorining nojo‘ya ta’siri tufayli majruh bo‘lib qolgan bolalar soni rasman 23 nafarga yetdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jabrdiydalar soni ko‘proq ekani haqida taxminlar ilgari surilgani ma’lum.

Sud dori iste’molidan vafot etgan 68 nafar marhum va sog‘lig‘i o‘ta og‘irlashgan bolalarning qonuniy vakillariga 1 milliard so‘mdan ma’naviy zarar undirish haqida qaror chiqargan.

Avvalroq farzandi ushbu dori tufayli nogiron bo‘lib qolgan fuqaro Feruz Nuriddinov sog‘liqni saqlash mas’ullarini harakatsizlikda ayblagandi.

XS
SM
MD
LG